O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 07.08.2020 yildagi 466-son qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA UZLUKSIZ BOSHLANG‘ICH, O‘RTA VA O‘RTA MAXSUS PROFESSIONAL TA’LIM TIZIMINI TARTIBGA SOLUVCHI NORMATIV-HUQUQIY HUJJATLARNI TASDIQLASH TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019-yil 6-sentabrdagi PF-5812-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasida uzluksiz boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Boshlang‘ich professional ta’lim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan kasb-hunar maktablarining namunaviy ustavi 2-ilovaga muvofiq;
O‘rta professional ta’lim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan kollejlarning namunaviy ustavi 3-ilovaga muvofiq;
O‘rta maxsus professional ta’lim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan texnikumlarning namunaviy ustavi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Tizimida o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan kollejlar va texnikumlar bo‘lgan vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari tasdiqlangan namunaviy ustav asosida ta’lim muassasalarining ustavlarini ishlab chiqsinlar hamda ularning faoliyati yo‘lga qo‘yilishini ta’minlasinlar.
3. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 5-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
4. Vazirlar Mahkamasining “2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining barqarorligini ta’minlash va xarajatlarini maqbullashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2020-yil 16-apreldagi 232-son qaroriga muvofiq kasb-hunar maktablarida boshlang‘ich professional ta’lim dasturlari asosida ta’lim oladigan o‘quvchilarga O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida oylik stipendiya hamda uch mahal ovqat bilan ta’minlash tartibi 2021/2022 o‘quv yilidan joriy etilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.A. Musayev hamda O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U. Madjidov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 7-avgust,
466-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-avgustdagi 466-son qaroriga
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasida uzluksiz boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasida uzluksiz boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’limni (keyingi o‘rinlarda professional ta’lim deb ataladi) tashkil etish va amalga oshirish tartibini belgilaydi.
2. O‘zbekiston Respublikasida professional ta’lim “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.
3. O‘zbekiston Respublikasida professional ta’lim — iqtisodiyotning rivojlanish istiqbollari va ustuvor vazifalarini, zamonaviy texnika va texnologik tendensiyalarni hisobga olib, mehnat bozoridagi kadrlarga bo‘lgan real ehtiyoj, ish beruvchilarning takliflari hamda “Hayot davomida ta’lim olish” prinsipi asosida shaxslarning ta’lim olishiga mo‘ljallangan.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Professional ta’limni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa qonunchilik hujjatlariga, shuningdek, ushbu Nizomga amal qilinadi.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
5. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
boshlang‘ich professional ta’lim — YUNESKO tashkiloti tomonidan qabul qilingan Ta’limning xalqaro standart tasniflagichi (keyingi o‘rinlarda Xalqaro tasniflagich deb ataladi) 3-darajasiga mos keluvchi ta’lim dasturlari;
kasb — maxsus tayyorgarlik va ish tajribasi natijasida ma’lum bir sohada mehnat faoliyatni amalga oshirish uchun lozim bo‘lgan nazariy bilimlar, amaliy ko‘nikma va malakalar majmuasini egallagan, jismoniy imkoniyat, aqliy qobiliyat va huquqlari ta’minlangan mehnat faoliyati (mashg‘uloti)ning turidir;
kasbiy kompetensiya — bilim, ko‘nikma va amaliy tajriba asosida kasbiy faoliyatga tegishli vazifalarni bajarishda faoliyat yuritish qobiliyati;
kasb-hunar maktabi — Xalqaro tasniflagichning 3-darajasiga mos keluvchi ta’lim dasturlari asosida 9-sinf bitiruvchilarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan boshlang‘ich professional ta’lim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan ta’lim muassasalari;
kvalifikatsiya — kasbiy mahorat darajasi yoki pog‘onasi kasbiy talablarning muayyan pog‘onasiga muvofiqligi darajasi;
kollej — Xalqaro tasniflagichning 4-darajasigacha mos keluvchi ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlaydigan vazirliklar va idoralar tizimida faoliyat ko‘rsatadigan ta’lim muassasalari;
kompetensiya — bilim, ko‘nikma, malaka va shaxsiy sifatlar majmui;
ko‘nikma — muayyan vazifani bajarish uchun egallangan qobiliyat;
mutaxassislik — biror kasb doirasida ma’lum bir faoliyat turi uchun maxsus tayyorgarlik va amaliy tajribasi bilan erishilgan zarur bilim, ko‘nikma va malakalar majmui;
professional standart — xodimga ma’lum bir kasbiy faoliyat turini, shu jumladan, ma’lum bir mehnat funksiyasini bajarish uchun zarur bo‘lgan malaka talablari;
professional ta’lim — ta’lim oluvchilarda ma’lum bir mutaxassislik va kasblar bo‘yicha kasbiy kompetensiyalarni shakllantiradigan va rivojlantiradigan uzluksiz ta’lim tizimi;
tabaqalashtirilgan ta’lim dasturi — Xalqaro tasniflagichning tegishli darajalariga muvofiq boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’limda kadrlar tayyorlash uchun kasb yoki mutaxassisliklarning murakkablik darajalari, o‘qitish muddatlari bir-biridan farq qiladigan ta’lim dasturi;
Oldingi tahrirga qarang.
ta’lim dasturi — professional ta’lim muassasasi bitiruvchisiga muayyan egallagan kasb yoki mutaxassislik bo‘yicha kasbiy faoliyatni malakali bajarish imkonini berishga qaratilgan professional ta’lim tayyorgarligining asosiy mazmunini aniqlovchi davlat ta’lim standartlari, o‘quv rejasi, o‘quv fanlari (modullar) dasturlari, malaka amaliyot dasturlaridan iborat hujjatlar to‘plami;
(5-bandning o‘n to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
Oldingi tahrirga qarang.
davlat ta’lim standartlari — davlat tomonidan ta’limning mazmuni va sifatiga nisbatan belgilanadigan talablar majmui;
(5-bandning o‘n beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
texnikum — Xalqaro tasniflagichning 5-darajasigacha mos keluvchi va oliy ta’lim tizimi bilan integratsiyalashgan ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlaydigan hamda oliy ta’lim muassasalari huzurida faoliyat yuritadigan ta’lim muassasalari;
umumiy kompetensiya — bilim, ko‘nikma va amaliy tajriba asosida kasbiga yaqin faoliyat turlarining ko‘pchiligi uchun umumiy bo‘lgan masalalarni hal etishda muvaffaqiyatli faoliyat yuritish qobiliyati;
o‘rta maxsus professional ta’lim — Xalqaro tasniflagichning 5-darajasiga mos keluvchi ta’lim dasturlari;
o‘rta professional ta’lim — Xalqaro tasniflagichning 4-darajasiga mos keluvchi ta’lim dasturlari;
o‘qitishning dual tizimi — ta’limning nazariy qismi ta’lim muassasasida va amaliy qismi ish joylarida tashkil etiladigan o‘qitish turi;
o‘quv rejasi — professional ta’limning muayyan kasbi yoki mutaxassisligi bo‘yicha o‘quv faoliyati turlari, o‘quv fanlari (modullari) va kurslari hamda malaka amaliyotlari tarkibi, ularni o‘rganish izchilligi, soha va tarmoqlarda ish turlarining mavsumiyligini hamda soatlardagi hajmini belgilaydigan hujjat;
o‘quv dasturi — professional ta’lim o‘quv rejasiga kiritilgan fanlar va amaliyotlarning mazmuni, o‘qitishning maqbul usullari, axborot manbalari ko‘rsatilgan hujjat;
o‘quv jarayonining grafigi — ta’lim jarayonining ketma-ketligi va almashuvchanligini, attestatsiya va ta’til vaqtlarini belgilovchi hujjat.
2-bob. Professional ta’limning maqsadi va vazifalari
6. Mehnat bozoridagi ehtiyojlar, jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun raqobatbardosh kadrlarni professional ta’lim bosqichlarini joriy qilish orqali tayyorlash hamda turli yoshdagi shaxslarning “Hayot davomida ta’lim olish” prinsipi asosida ta’lim olishga bo‘lgan talablarini qondirish professional ta’limning maqsadi hisoblanadi.
7. Quyidagilar professional ta’limning vazifalari hisoblanadi:
ish beruvchilarning talab va takliflariga asosan kadrlarga bo‘lgan real ehtiyojni inobatga olgan holda iqtisodiyot soha va tarmoqlari uchun zarur bo‘lgan malakali mutaxassislarni tayyorlash hamda jamiyatning kasblar va mutaxassisliklarga bo‘lgan talablarini qondirish;
mehnat faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan kadrlarni tayyorlash;
mahalliy va xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, zamonaviy innovatsion o‘quv loyihalarini birgalikda amalga oshirish uchun malakali xorijiy mutaxassislarni jalb etish;
Xalqaro tasniflagich darajalari bilan uyg‘unlashgan tabaqalashtirilgan ta’lim dasturlarini hamda o‘qitishning kredit-modul tizimini bosqichma-bosqich joriy etish;
ta’lim olish bilan birgalikda o‘quvchilarga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha zarur bilimlarni berish va ularni kelgusida o‘z biznesini tashkil etishi yuzasidan metodik qo‘llab-quvvatlash tadbirlarini amalga oshirish;
mamlakat iqtisodiyotini yanada isloh qilish, uni barqaror o‘stirish hamda modernizatsiyalash jarayonlarida samarali ishtirok etishga qodir bo‘lgan kadrlarni tayyorlash maqsadida o‘quv jarayoniga innovatsiya shakllar, texnologiyalar va ishlanmalarni faol qo‘llab, professional ta’lim va ishlab chiqarishning o‘zaro hamkorligini ta’minlash;
shaxslarning professional ta’lim muassasalarini ixtiyoriy tanlashi va kasb yoki mutaxassislik bo‘yicha bilim olish, shuningdek, “Hayot davomida ta’lim olish” prinsipi asosida kasbiy tayyorgarlik va qayta tayyorlashdan o‘tish imkoniga ega bo‘lish sharoitlarini yaratish;
professional ta’lim olish orqali shaxsning intellektual, madaniy va ma’naviy rivojlanishga bo‘lgan individual ehtiyojlarini qondirish, o‘quvchilarda vatanparvarlikni, faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish hamda ularda mas’uliyat va ijodiy faoliyatni rivojlantirish.
3-bob. Professional ta’limni tashkillashtirish
8. Professional ta’lim tizimida kadrlar tayyorlash Xalqaro tasniflagich darajalari bilan uyg‘unlashgan va tabaqalashtirilgan ta’lim dasturlari joriy etiladigan professional ta’lim muassasalarida amalga oshiriladi.
Kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlar professional ta’lim muassasalari toifasiga kiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Professional ta’lim muassasalari qonunchilik hujjatlariga muvofiq tashkil etiladi, qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
(9-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Davlat professional ta’lim muassasalarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Nodavlat professional ta’lim muassasalari belgilangan tartibda jismoniy va nodavlat yuridik shaxslar tomonidan tashkil etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslarning xorijiy davlatlar va investorlar bilan tuzilgan shartnomalari va kelishuvlari asosida xalqaro professional ta’lim muassasalari tashkil etilishi mumkin.
Xalqaro (davlatlararo) professional ta’lim muassasalarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Professional ta’lim muassasasini litsenziyalash va akkreditatsiya qilish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(9-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
10. Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari qonunchilik hujjatlariga muvofiq professional ta’lim muassasalarining muassislari bo‘lishi mumkin.
(10-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
11. Professional ta’lim muassasalari xususan, kasb-hunar maktablari nomlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (keyingi o‘rinlarda Vazirlik deb ataladi) tomonidan kollejlar va texnikumlarning nomlari esa tegishli vazirlik va idoralar tomonidan Vazirlik bilan kelishgan holda belgilanishi yoki o‘zgartirilishi mumkin.
12. Professional ta’lim muassasasi o‘z tarkibida filiallar, kafedralar, bo‘limlar, o‘quv xonalari va laboratoriyalar, o‘quv va o‘quv-ishlab chiqarish ustaxonalari va xo‘jaliklari, texnoparklar, o‘quv maydonchalari (poligonlar), yotoqxonalar, umumiy ta’lim dasturlarini, professional ta’lim dasturlarini amalga oshiruvchi tarkibiy bo‘linmalar, ta’lim jarayoni bilan bog‘liq boshqa tarkibiy bo‘linmalarga ega bo‘lishi mumkin.
Professional ta’lim muassasalarining namunaviy tuzilmalari bo‘ysunuvidagi vazirliklar va idoralar tomonidan tasdiqlanadi.
Professional ta’lim muassasasining filiali mazkur professional ta’lim muassasasi idoraviy mansubligi bo‘yicha tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan Vazirlik bilan kelishgan holda tashkil etiladi va tugatiladi. Professional ta’lim muassasasining filiali ushbu Nizom asosida faoliyat ko‘rsatadi.
13. Professional ta’lim muassasalarida tabaqalashtirilgan ta’lim dasturlari doirasida professional ta’lim beriladi, o‘quvchilarning kasbiy moyilliklari, mahorati va ko‘nikmalarining rivojlanishi, tanlangan kasblar yoki mutaxassisliklarga ega bo‘lishi ta’minlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
14. Davlat ta’lim standarti talablarini bajarish, agar qonunchilik hujjatlarida boshqa holatlar nazarda tutilmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat ko‘rsatayotgan tashkiliy-huquqiy shaklidan va idoraviy bo‘ysunuvidan qat’i nazar (xorijiy ta’lim muassasasi filiallari bundan mustasno) barcha professional ta’lim muassasalari uchun majburiydir.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
15. Professional ta’lim sohalari bo‘yicha davlat ta’lim standarti namunasi Vazirlik tomonidan belgilanadi.
(15-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Ta’lim sohalari bo‘yicha davlat ta’lim standartlari asosida kasblar va mutaxassisliklarning malaka talablari ishlab chiqiladi.
(15-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
Oldingi tahrirga qarang.
16. Ta’lim sohalari bo‘yicha davlat ta’lim standartlari, kasblar va mutaxassisliklar malaka talablari, o‘quv rejasi va dasturlarini ishlab chiqish uchun Vazirlik, tegishli vazirliklar va idoralar, tayanch professional ta’lim muassasalari hamda oliy ta’lim muassasalarining tajribali mutaxassislaridan iborat tarkibda mualliflar jamoasi shakllantiriladi.
(16-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat ta’lim standartlari va malaka talablari tegishli kasb va lavozimlarning professional standartlari yoki malaka talablari asosida ishlab chiqiladi.
(16-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
Tayanch professional ta’lim muassasalari ro‘yxati Vazirlik tomonidan belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ishlab chiqilgan davlat ta’lim standartlari, malaka talablari, o‘quv rejasi va dasturlari Vazirlik tomonidan tasdiqlangandan so‘ng ta’lim jarayoniga joriy etiladi.
(16-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat ta’lim standartlari, malaka talablari, o‘quv rejasi va dasturlarini takomillashtirish, ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish ish beruvchi tashkilotlarning takliflariga asosan Vazirlik tomonidan amalga oshiriladi.
(16-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
Imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun Vazirlik tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda professional ta’limning maxsus dasturlari ishlab chiqiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
17. Davlat ta’lim standartlari, malaka talablari, o‘quv rejasi va dasturlarini joriy etish, muvofiqlashtirish hamda unga metodik rahbarlik qilish Vazirlik tomonidan amalga oshiriladi.
(17-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
18. Tabaqalashtirilgan ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlashda xalqaro tajribani o‘rgangan holda professional ta’lim jarayonlariga o‘qitishning kredit-modul tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Professional ta’lim tizimida o‘qitishning kredit-modul tizimini joriy etish tartibi, joriy etiladigan kasblar va mutaxassisliklar hamda to‘planadigan kreditlar hajmi bo‘ysunuvidagi vazirliklar va idoralar tomonidan Vazirlik bilan kelishgan holda tasdiqlanadi.
19. Professional ta’lim muassasalarida asosiy ta’lim dasturlaridan tashqari quyi darajadagi ta’lim dasturlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash Vazirlikning ruxsati asosida amalga oshiriladi. Professional ta’lim muassasalari ushbu ta’lim dasturlarini tegishli turdagi professional ta’lim muassasalari uchun belgilangan tartibga rioya qilgan holda amalga oshiradi.
20. Professional ta’lim muassasalarida o‘quvchilar, rahbar kadrlar, o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’limi ustalari hamda ish beruvchilar ta’lim jarayoni ishtirokchilari hisoblanadi.
21. Professional ta’lim muassasasi yuridik shaxs hisoblanadi, o‘z ustaviga, mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida va uning hududiy bo‘linmalarida shaxsiy hisobvaraqlariga (davlat ta’lim muassasalari uchun), o‘z nomi ko‘rsatilgan muhrga, burchakli shtampga va blankalarga ega bo‘ladi.
22. Professional ta’lim muassasalarining ustavi belgilangan tartibda ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
23. Professional ta’lim muassasalari hududlarning demografik, ijtimoiy-iqtisodiy va geografik sharoitlarini, mehnat bozorining tegishli soha mutaxassislariga bo‘lgan talabini, manfaatdor vazirliklar va idoralarning kadrlarga bo‘lgan ehtiyoji hamda oliy ta’lim tizimi bilan integratsiyalashgan ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlashni hisobga olgan holda tashkil etiladi.
Boshqa joylardan kelgan o‘quvchilarga, imkoniyatga qarab, professional ta’lim muassasalari uchun yotoqxonalar tashkil etiladi.
Yotoqxonalarda o‘quvchilarning yashash uchun to‘lanadigan to‘lov miqdori (bepul foydalanishda bo‘ladigan yotoqxonalar bundan mustasno) professional ta’lim muassasalari tomonidan belgilanadi.
24. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari professional ta’lim muassasalari bitiruvchilari bandligini ta’minlashda o‘z vakolatlari doirasida yordam ko‘rsatadilar va kasb-hunar maktablari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqadilar.
Oldingi tahrirga qarang.
25. Professional ta’lim muassasalarining o‘quvchilari va xodimlariga ijtimoiy kafolatlar, qo‘llab-quvvatlash va imtiyozlar qonunchilik hujjatlari, shuningdek, professional ta’lim muassasasining ustavi asosida belgilanadi.
(25-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
26. Kollejlar va texnikumlarda kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shakllari joriy etiladi.
Ta’lim shakllari Vazirlik tomonidan tizimida professional ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va yirik korxonalar bilan kelishgan holda belgilanadi.
Sirtqi va kechki ta’lim shakllarini tashkil etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
27. Professional ta’lim muassasalarida qo‘shimcha kasblar va mutaxassisliklar bo‘yicha kvalifikatsiyalarni egallash, jumladan, traktorchi, kombayn operatori, “V” yoki “VS” toifadagi milliy haydovchilik guvohnomalarini va shu kabilarni olish istagidagi aholining turli qatlamlari uchun o‘qitish muddati 6 oydan oshmagan intensiv va qo‘shimcha o‘quv kurslari tashkil etilishi mumkin.
Mazkur o‘quv kurslari bitiruvchilariga belgilangan tartibda tashkil etilgan imtihonlarni muvaffaqiyatli yakunlaganidan so‘ng kelgusida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beradigan davlat namunasidagi sertifikat yoki guvohnoma beriladi.
28. Professional ta’limning tayyorlov yo‘nalishlari, kasblar va mutaxassisliklar ro‘yxati Vazirlik tomonidan tasdiqlanadigan professional ta’limning tayyorlov yo‘nalishlari, kasblar va mutaxassisliklar klassifikatori asosida belgilanadi.
29. Professional ta’lim muassasalari kasblar va mutaxassisliklar bo‘yicha o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish ishlarini tizimli ravishda tashkil etadilar.
Umumta’lim maktablarida kasbga yo‘naltirish bo‘yicha tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining hududiy bo‘linmalari bilan hamkorlikda tashkil etiladi.
30. Professional ta’lim dasturlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash belgilangan tartibda tuzilgan shartnomalar asosida o‘qitishning dual tizimi asosida tashkil etilishi mumkin. O‘qitishning dual tizimi joriy etiladigan professional ta’lim muassasalari, kasblar yoki mutaxassisliklar ro‘yxati Vazirlik bilan kelishgan holda tizimida professional ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar tomonidan tasdiqlanadi.
O‘qitishning dual tizimini tashkil etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
31. Professional ta’lim muassasalarini qayta ixtisoslashtirish va tayyorlanadigan kasblar va mutaxassisliklar ro‘yxati Vazirlik tomonidan mehnat bozorining kadrlarga bo‘lgan ehtiyojidan va tarmoq vazirliklari, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, yirik korxonalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, shuningdek, kadrlar buyurtmachilarining takliflaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
32. Professional ta’lim muassasalariga o‘quvchilar qabul ko‘rsatkichlari va o‘quvchilarni qabul qilish tartibi, agar qonunchilik hujjatlarida boshqacha holatlar nazarda tutilmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
(32-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
33. O‘quvchilar o‘qitish kurslari bo‘yicha guruhlarga, o‘qitish yo‘nalishi bo‘yicha esa — bo‘limlarga hamda texnikumlarda kafedralarga birlashtiriladi.
Professional ta’lim muassasasi o‘quv mashg‘ulotlari ma’ruzalar shaklida o‘tkazilganda o‘quvchilar guruhlarini birlashtirishi mumkin.
34. Professional ta’lim muassasalarida qoidaga ko‘ra guruhlarni to‘ldirish kamida 12 nafar va eng ko‘pi bilan 30 nafar o‘quvchilar doirasida belgilanadi.
Zarur hollarda buyurtmachilarning takliflari asosida kasblar va mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitish xarajatlarining qoplanishidan kelib chiqib, guruhdagi o‘quvchilar soni 12 nafardan kam bo‘lishi mumkin.
Kasb-hunar maktablari boshlang‘ich professional ta’lim bosqichidagi ta’lim dasturlari bo‘yicha kadrlar tayyorlashda guruhlardagi o‘quvchilar soni kamida 26 nafar etib belgilanadi.
35. O‘quvchilarning o‘quv yuklamasi, o‘quv va ishlab chiqarish amaliyotlarining hajmi, semestrlar soni, beriladigan ta’tillar va o‘quv jarayonini tashkil etishning boshqa masalalari professional ta’limning tabaqalashtirilgan ta’lim dasturlariga muvofiq belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Professional ta’limning o‘quv reja va dasturlari, agar qonunchilik hujjatlarida boshqacha holatlar ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, Vazirlik tomonidan tasdiqlanadi.
(35-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Ayrim kasblar va mutaxassisliklar bo‘yicha tanlangan professional ta’lim muassasalarida davlat ta’lim standartlari, malaka talablari, o‘quv reja va dasturlari tajriba-sinovdan o‘tkazilishi hamda natijalar bo‘yicha xulosalar qabul qilinishi mumkin.
(35-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
36. O‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun professional ta’lim muassasalarida guruhlarda o‘quvchilar soni 26 nafar va undan ortiq bo‘lganda ikkita kichik guruhga bo‘lgan holda quyidagi tartibda o‘qitishga ruxsat etiladi:
o‘zbek tili (ta’lim o‘zbek tilida olib borilmaydigan guruhlar uchun);
rus tili (ta’lim rus tilida olib borilmaydigan guruhlar uchun);
chet tili;
informatika va axborot texnologiyalari fanining amaliy mashg‘ulotlari;
jismoniy tarbiya (har bir guruhda kamida 13 nafar yigit yoki qiz bo‘lganda) mashg‘ulotlari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi ta’lim qoraqalpoq tilida olib boriladigan guruhlarda qoraqalpoq tili o‘quv rejasidagi ona tili va adabiyoti faniga ajratilgan soatlar hisobidan, ta’lim rus guruhlarida olib boriladigan guruhlarga o‘zbek tili uchun ajratilgan soatlar hajmida o‘zbek tiliga qo‘shimcha soat ajratilgan holda o‘qitiladi. Boshqa tillarda olib boriladigan guruhlarda o‘zbek tili uchun ajratilgan soatlar hajmida qoraqalpoq tiliga qo‘shimcha dars soati ajratiladi.
37. Vazirlik tomonidan tasdiqlangan namunaviy o‘quv rejalari asosida professional ta’limning tibbiyot, ta’lim (musiqa xodimi) yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus mutaxassislik fanlarining amaliy mashg‘ulotlari kichik guruhlarga bo‘lib o‘qitiladi.
Ta’lim (musiqa xodimi) yo‘nalishlari bo‘yicha yakka tartibdagi o‘quv mashg‘ulotlari tayyorlov yo‘nalishlarining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, tasdiqlangan namunaviy o‘quv rejalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Ayrim kasbiy fanlarni o‘zlashtirish murakkabligidan kelib chiqqan holda kichik guruhlarga bo‘lib o‘qitish kasblar va mutaxassisliklar bo‘yicha ishlab chiqiladigan namunaviy o‘quv rejalarida belgilanadi.
O‘quv rejasidagi boshqa fanlar bo‘yicha guruhlarni kichik guruhlarga bo‘lib o‘qitish (o‘quv amaliyoti bundan mustasno) taqiqlanadi. O‘quv rejasidagi boshqa fanlar bo‘yicha guruhlarni kichik guruhlarga bo‘lib o‘qitish kadrlar tayyorlash bo‘yicha buyurtmachilarning qo‘shimcha ajratilgan mablag‘lari hisobiga amalga oshirilishiga ruxsat etilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
38. Davlat ta’lim standarti talablariga rioya qilish ustidan nazorat O‘zbekiston Respublikasining vakolatli davlat organi tomonidan quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
davlat ta’lim standarti asosida professional ta’lim muassasalarida bitiruvchilar egallashi lozim bo‘lgan bilim, ko‘nikma, malaka va kompetensiyalarga baho berish;
o‘quv rejasi va dasturlarining davlat ta’lim standartiga muvofiqligini tahlil qilish.
(38-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
Oldingi tahrirga qarang.
39. Nazorat qilishning bosh vazifasi davlat ta’lim standarti buzilishini aniqlash, oldini olish va bartaraf qilish hisoblanadi.
(39-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
Oldingi tahrirga qarang.
40. Ta’lim standarti talablarining buzilganligi uchun javobgarlik qonunchilik hujjatlariga muvofiq professional ta’lim muassasasi rahbariyatiga yuklanadi.
(40-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
41. Professional ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini nazorat qilish quyidagi usullarda olib boriladi:
ichki nazorat — Vazirlik va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘yicha davlat inspeksiyasi tomonidan tasdiqlanadigan tartib asosida professional ta’lim muassasasi tomonidan amalga oshiriladi. Ichki nazoratni tashkil etish uchun professional ta’lim muassasalarida budjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga shtat birliklari ajratilishi mumkin.
tashqi nazorat — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan tartib asosida amalga oshiriladi;
davlat-jamoat nazorati — ta’limni boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat organi va u bilan kelishgan holda nodavlat notijorat tashkilotlari va kadrlarga talabgorlar tomonidan amalga oshiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
yakuniy davlat attestatsiyasi — professional ta’lim muassasalarida tashkil etiladigan yakuniy davlat attestatsiya komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi. Professional ta’lim muassasalarida yakuniy davlat attestatsiyasini o‘tkazish tartibi, agar qonunchilik hujjatlarida boshqacha holatlar ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, Vazirlik tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘yicha davlat inspeksiyasi bilan kelishgan holda tasdiqlanadi.
(41-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
42. O‘quvchilarni professional ta’lim muassasalarida o‘qitish professional ta’lim tizimining ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasi bilan o‘zaro hamkorligi asosida quyidagi yo‘llar bilan amalga oshiriladi:
Oldingi tahrirga qarang.
professional ta’lim muassasalari o‘quvchilarining korxonalarda tizimli asosda ishlab chiqarish amaliyotini o‘tashi uchun shart-sharoitlar yaratish, ish beruvchilarni o‘quv jarayoniga, kasblar va mutaxassisliklar bo‘yicha davlat ta’lim standarti, malaka talablari, o‘quv reja va dasturlarini ishlab chiqishga jalb etish;
(42-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
professional ta’lim sohasida o‘tkazilgan ilmiy izlanishlar natijalarini professional ta’lim muassasalarida tajriba-sinovdan o‘tkazish ishlarini tashkil etish;
ish beruvchilar bilan birga ishlab chiqarish uchastkalari, qo‘shma va unitar korxonalar tashkil etish asosida malakali kadrlarni tayyorlashning dual tizimini rivojlantirish;
tashkil etilgan ishlab chiqarish uchastkalari, qo‘shma va unitar korxonalarda o‘quvchilarni tovar mahsulotlar ishlab chiqargan holda mehnat faoliyatiga va ishlab chiqarish jarayoniga faol jalb etish;
professional ta’lim muassasalari bitiruvchilariga bitiruv malakaviy ishlari mavzularini taklif etish jarayoniga korxona, tashkilot va boshqa ish beruvchilarni jalb qilish hamda ushbu bitiruv malakaviy ishlarida erishilgan natija va yechimlarni yoki ijrochi-bitiruvchilarning o‘zlarini bunday loyihalarni joylarda amalga oshirishda ishtirokini ta’minlash;
ishlab chiqarish ta’limi ustalari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash jarayonlari bevosita ishlab chiqarishda amalga oshirilishiga erishish, ishlab chiqarishdagi malakali mutaxassislar – ishlab chiqarish vakillarini ta’lim jarayoniga jalb etish.
43. Professional ta’lim muassasasida ta’lim dasturlarini muvaffaqiyatli bitirgan o‘quvchiga davlat namunasidagi diplom beriladi.
Ushbu diplom olingan bilim, ko‘nikma va malakalarni mehnat faoliyatida qo‘llash huquqini beradi.
Oldin ta’lim olgan kasb yoki mutaxassislik doirasida qo‘shimcha kvalifikatsiyalarni o‘zlashtirgan shaxslarga belgilangan namunadagi guvohnoma yoki sertifikatlar beriladi.
Bitiruvchilarga belgilangan tartibda tegishli razryadlar belgilanadi.
44. Professional ta’lim muassasalarida beriladigan davlat namunasidagi diplom, sertifikat, guvohnoma va akademik ma’lumotnomalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Davlat namunasidagi hujjatlarni to‘ldirish, saqlash, bitiruvchilarga berish va hisobini yuritish tartibi Vazirlik tomonidan belgilanadi.
45. Davlat attestatsiyasidan o‘tmagan bitiruvchilarga malaka talab etilmaydigan ish o‘rinlariga joylashish huquqini beradigan ma’lumotnoma beriladi. Mazkur o‘quvchilar 3 yil davomida davlat attestatsiyasi faoliyat ko‘rsatayotgan davrda qayta davlat attestatsiyasidan o‘tishlari mumkin.
3 yil davomida davlat attestatsiyasidan o‘tmagan bitiruvchilar tegishli kursda qayta o‘qishlari mumkin.
4-bob. O‘quvchilar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish
46. O‘qishni ko‘chirish yoki qayta tiklash qoidaga ko‘ra, yozgi ta’til davrida, tegishli kurs (semestr)da o‘quv mashg‘ulotlari boshlanishiga qadar amalga oshiriladi.
47. O‘qishni ko‘chirish yoki qayta tiklash o‘quvchining (o‘quvchi voyaga yetmagan bo‘lsa uning ota-onasidan birining yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning) arizasi va professional ta’lim muassasasi tomonidan berilgan akademik ma’lumotnoma, o‘quvchining kursdan kursga o‘tganligi to‘g‘risidagi buyruqdan ko‘chirma, o‘quvchi pasporti nusxasi, voyaga yetmagani sababli pasporti bo‘lmaganda tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma hamda ota-onasi (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar)ning doimiy yashash joyi ko‘rsatilgan pasporti nusxasidan iborat hujjatlar yig‘ma jildi asosida ko‘rib chiqiladi.
48. O‘quvchilarning o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklashda professional ta’lim muassasasi direktori tomonidan ta’lim dasturlaridagi farqlarni yoki qarzlarni topshirish tartibi va muddatlari (ikki oydan ortiq bo‘lmagan), shuningdek, o‘quvchilarni o‘qitish kursi belgilanadi.
49. Professional ta’lim muassasasi miqyosida bir darajadagi ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qishni ko‘chirish yoki ta’lim shaklini o‘zgartirish masalasi mazkur professional ta’lim muassasasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
50. Boshlang‘ich professional ta’lim dasturida ta’lim olayotgan o‘quvchilar o‘qishini umumiy o‘rta ta’limning 10 yoki 11 sinflarida yoki boshqa boshlang‘ich professional ta’lim dasturlarida ta’limni davom ettirishi uchun o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha murojaat etishlari mumkin.
Umumta’lim maktablarida o‘qishni davom ettirish istagidagi o‘quvchilarning arizalari tegishli Kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi tomonidan o‘quvchining umumta’lim maktablarida o‘qishni davom ettirishini hal etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining hududiy bo‘linmalariga yuboriladi.
O‘qishni ko‘chirish hudud miqyosida tegishli Kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi, bir mintaqadagi professional ta’lim muassasasidan boshqa mintaqaning (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) professional ta’lim muassasasiga ko‘chirish Vazirlik tomonidan ko‘rib chiqiladi.
51. Davlat granti asosida ta’lim olayotgan o‘quvchilar o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklashda ularga davlat granti asosida ta’limni davom ettirish imkoniyati beriladi.
52. O‘rta professional ta’lim dasturlari doirasida o‘qishni boshqa ta’lim muassasalariga ko‘chirish qabul qiluvchi ta’lim muassasasi bo‘ysunuvchi tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan amalga oshiriladi.
53. O‘rta maxsus professional ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qishni ko‘chirish qabul qiluvchi ta’lim muassasasi tegishli bo‘lgan oliy ta’lim muassasasining xulosasiga ko‘ra tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan amalga oshiriladi.
54. O‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘quvchilar o‘qishi bir ta’lim shaklidan boshqa ta’lim shakliga ko‘chirilishi mumkin.
55. O‘qishni qayta tiklash o‘quvchi ta’lim olgan tegishli professional ta’lim muassasasi tomonidan ko‘rib chiqiladi va hal etiladi.
O‘quvchi oldin o‘qigan kasb yoki mutaxassislik to‘xtatilgan bo‘lsa, uning xohishiga ko‘ra turdosh kasb yoki mutaxassislikka yoki mazkur ta’lim muassasasida tegishli kasb yoki mutaxassislik bo‘lmasa, uning o‘qishi Kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi tomonidan boshqa ta’lim muassasasiga tiklanishi mumkin.
56. O‘quv kursini tamomlash yakunlari bo‘yicha o‘quvchini navbatdagi kursga o‘tkazish, takroriy yilga qoldirish yoki o‘quvchilar safidan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
57. O‘quvchini kursdan-kursga o‘tkazish, kursda qoldirish yoki o‘quvchilar safidan chiqarish professional ta’lim muassasasining buyrug‘i bilan amalga oshiriladi. Kursdan-kursga shartli ravishda o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.
58. Professional ta’lim dasturlari bo‘yicha akademik qarzdorlikka (o‘zlashtirmaslikka) ega bo‘lgan yoki o‘quv rejasi talablarini bajarmagan (ishlab chiqarish yoki diplom oldi amaliyotidan o‘tmagan, kurs ishini topshirmagan, 3 va undan ortiq fan bo‘yicha “qoniqarsiz” yakuniy yillik baho olgan) o‘quvchilari Pedagogik kengashning qarori bo‘yicha tegishli ta’lim dasturida takroran o‘qish uchun kursda qoldirilishi mumkin.
O‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim dasturlari asosida ta’lim olayotgan o‘quvchilarga o‘zlashtirilmagan fanlarni qayta topshirishga qo‘shimcha to‘lovlarni amalga oshirish orqali ruxsat beriladi.
O‘quvchi takroran o‘qish uchun kursda qoldirilganda uning o‘qigan o‘quv yili uchun to‘lagan kontrakt puli qaytarilmaydi va takroran o‘qiyotgan kursi uchun yangidan to‘lov amalga oshiriladi.
59. Professional ta’lim muassasasi o‘quvchilari quyidagi hollarda o‘qishdan chetlashtirilishi mumkin:
salomatligi tufayli (tibbiy komissiya ma’lumotnomasi asosida) akademik ta’til olganda;
o‘qishi boshqa ta’lim muassasasiga ko‘chirilishi munosabati bilan;
doimiy yashash uchun boshqa davlatga chiqib ketganda;
sudning qarori bilan ozodlikdan mahrum qilinganda;
o‘rta yoki o‘rta maxsus professional ta’lim dasturlarida ta’lim olayotgan o‘quvchilar safidan o‘z xohishiga ko‘ra chiqarishni so‘rab ariza bilan murojaat qilganda;
professional ta’lim muassasasining ustavida nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmaganda;
vafot etganligi sababli;
uzrsiz sabablarga ko‘ra 74 soatdan ortiq dars qoldirganda.
60. O‘rta yoki o‘rta maxsus professional ta’lim dasturlarida ta’lim olayotgan o‘quvchilar quyidagi sabablarga ko‘ra o‘quvchilar safidan chetlashtirilganda professional ta’lim muassasasi tomonidan uning o‘qigan muddati uchun haqiqatda sarflangan xarajatlar chegirilgan holda tegishli o‘quv yili yoki semestri uchun oldindan amalga oshirilgan to‘lovning qolgan qismi kontraktning tegishli tarafi yozma murojaatiga ko‘ra qaytarib beriladi:
o‘z xohishiga binoan;
o‘qishning boshqa ta’lim muassasasiga ko‘chirilishi munosabati bilan;
salomatligi tufayli (tibbiy komissiya ma’lumotnomasi asosida);
o‘quvchi sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi munosabati bilan;
vafot etganligi sababli.
61. Professional ta’lim muassasalari o‘quvchilariga akademik ta’til berish tartibi Vazirlik tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishgan holda belgilanadi.
Professional ta’lim muassasasi tashabbusi bilan o‘quvchilarni kasallik, ta’til, akademik ta’til yoki tug‘ruq ta’tillari paytida ta’lim muassasasi o‘quvchilari safidan chiqarib yuborishga yo‘l qo‘yilmaydi.
