Ishonch telefoni
Bosh sahifa » BOSH SAHIFA / O'zbekiston yangiliklari » Shavkat Mirziyoyev INNOPROM sanoat ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi

Shavkat Mirziyoyev INNOPROM sanoat ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi

Сегодня, 10:05
2

O‘zbekiston prezidenti “INNOPROM. Markaziy Osiyo” beshinchi xalqaro sanoat ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Rossiya hukumati raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov, Tatariston raisi Rustam Minnixanov va “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachev bilan uchrashdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-aprel kuni Toshkent shahrida ish boshlagan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” beshinchi xalqaro sanoat ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.
Ko‘rgazma Central Asian Expo Uzbekistan majmuasida o‘tkazilmoqda. Ekspozitsiyaning umumiy maydoni 18 ming kvadrat metrdan ziyod. Unda Rossiya, Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlar, Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakatlardan 10 mingdan ortiq delegatlar ishtirok etmoqda.
Ta’kidlanishicha, ko‘rgazmada mashinasozlik, elektrotexnika, metallurgiya, kimyo sanoati, transport, qurilish, IT va boshqa tarmoqlardagi yetakchi korxonalarning texnologik yechimlari, zamonaviy uskunalari va tayyor sanoat mahsulotlari namoyish etilmoqda.

Pavilonlar va ekspozitsiyalarni ko‘zdan kechirish chog‘ida davlat rahbari iqtisodiy kooperatsiya uchun katta salohiyat va yangi biznes g‘oyalar ishlab chiqish uchun yaxshi imkoniyatlar mavjudligini alohida ta’kidladi.
Forum yangi yirik loyihalarni ilgari surishga sur’at bag‘ishlashi, uzoq muddatli sheriklik aloqalarini rivojlantirish va hududlararo hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston prezidenti Rossiya hukumati raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Rossiya delegatsiyasi rahbari Shavkat Mirziyoyevga Rossiya prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘tgan yil may oyida Rossiya prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunida erishilgan kelishuv va bitimlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
“Tovar ayirboshlashning o‘sish sur’ati saqlanib qolmoqda, ikki mamlakat hududlarini faol jalb etgan holda muhim kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, kooperatsiya loyihalari va dasturlarini ilgari surish, shu jumladan „Innoprom“ forumi doirasida o‘zaro muvofiqlashgan yechimlarni ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi”, — deyiladi matbuot xizmati xabarida.
Tatariston raisi Rustam Minnixanov bilan uchrashuvda yetakchi korxonalarning sanoat kooperatsiyasini va faol gumanitar almashinuvni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotlarni davom ettirish, neft-gaz, kimyo, transport, turizm va boshqa sohalarda, shu jumladan, O‘zbekiston hududlaridagi sanoat zonalari doirasida qo‘shma loyihalarni ilgari surishga kelishib olindi.
“Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachev bilan suhbatda tinch atom sohasidagi hamkorlik rivojlanib borayotgani qayd etildi.
Qishloq xo‘jaligi va tibbiyotda yadro texnologiyalarini qo‘llash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, Toshkent shahridagi “MIFI” filiali negizida kadrlar tayyorlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, davlat rahbari davra suhbatida ishtirok etdi. Unda ikki mamlakat hududlari va yetakchi kompaniyalari rahbarlari kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalarni taqdimot qildilar.
Ctrl
Enter
Xatoligni aqniqladingizmi?
Matnni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing.




ru en uz