Ishonch telefoni
Bosh sahifa » TEXNIKUM FAOLIYATI / Me'yoriy-huquqiy hujjatlar » O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 16.05.2023 yildagi PQ-158-son

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 16.05.2023 yildagi PQ-158-son

Сегодня, 15:50
2

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

Qarori

O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

So‘nggi vaqtlarda xorijiy mamlakatlarda sodir bo‘layotgan kuchli zilzilalar va yer plitalarining tektonik siljishlari oqibatida yuzaga kelayotgan turli xil talafotlar mamlakatimizda seysmik xavfsizlikni ta’minlash ishlarini jadallashtirish, sohaga zamonaviy yondashuvlarni joriy etishni talab etmoqda.

Seysmik xavfsizlikni ta’minlashning yangi usullarini joriy qilish, bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish, kuchli zilzilalarni prognoz qilish va ularga tayyorgarlik ko‘rishning zamonaviy tizimini amaliyotga tatbiq etish maqsadida:

1. 2023-yil 1-dekabrdan boshlab Respublikada kuchli zilzilalar haqida erta ogohlantirish milliy tizimi bosqichma-bosqich ishga tushirilsin va Favqulodda vaziyatlar vazirligi bunga mas’ul etib belgilansin.

Belgilansinki, mazkur milliy tizim doirasida xalqaro seysmik kuzatuvlar global tizimiga kiritilgan stansiyalar bilan integratsiyalashuv asosida:

a) O‘zbekiston va unga chegaradosh hududlardagi seysmik hodisalarning monitoringi real vaqt rejimida yuritiladi;

b) zilzila o‘chog‘iga yaqin ikki va undan ortiq seysmik stansiyalarda kuchli tebranishlar qayd etilib, respublika hududida MSK-64 shkalasi bo‘yicha 5 va undan yuqori balli zilzila kuchi sezilishi aniqlanganda:

seysmik ma’lumotlar seysmik stansiyalardagi maxsus dasturlar orqali avtomatik tarzda tahlil qilinadi hamda zilzila parametrlari tezkorlik bilan aniqlanadi;

“Kuchli zilziladan ogohlantirish” mobil ilovasi orqali aholiga qisqa soniyalarda respublikaning aniqlangan hududlarida kuchli zilzila kuzatilishi to‘g‘risida tezkor xabarnoma yuboriladi.

Respublikada kuchli zilzilalar haqida erta ogohlantirish milliy tizimini ishga tushirish bilan bog‘liq barcha xarajatlar Seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) hisobidan qoplanadi.

2. Respublika hududidagi suv omborlarida seysmologik kuzatuvlarni amalga oshirishning yaxlit tizimini shakllantirish doirasida:

suv omborlari to‘g‘onlarida seysmologik va seysmometrik kuzatuvlarni amalga oshirish;

suv omborlarini to‘ldirish bilan bog‘liq zilzilalarni monitoring qilish;

suv omborlarini suv bilan to‘ldirish va suvdan foydalanish jarayonida seysmik rejimning o‘zgarishini baholash Favqulodda vaziyatlar vazirligining Seysmoprognostik monitoring respublika markazi tomonidan amalga oshirilishi belgilansin.

3. 2023-yil 1-avgustdan boshlab “Suv omborlarida seysmologik kuzatuvlarni amalga oshirish elektron platformasi” (keyingi o‘rinlarda — elektron platforma) ishga tushirilsin va uni yuritish uchun Seysmoprognostik monitoring respublika markazi mas’ul etib belgilansin.

Elektron platformani ishlab chiqish va uning faoliyat yuritishini ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlar Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilsin.

4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2023-yil 1-sentabrdan boshlab seysmologik va seysmometrik kuzatuvlar yo‘lga qo‘yilgan suv omborlari to‘g‘onlarida MSK-64 shkalasi bo‘yicha 5 va undan yuqori balli zilzila qayd etilganda:

a) seysmologik va seysmometrik kuzatuv ma’lumotlari Seysmoprognostik monitoring respublika markazi tomonidan elektron platformaga zudlik bilan yuklanadi;

b) suv omborlari to‘g‘onlariga mas’ul tashkilotlar zudlik bilan cho‘kish, siljish, yoriqlar paydo bo‘lishi, filtratsiya rejimi o‘zgarishi kabi zilzilaning salbiy oqibatlarini aniqlab, ma’lumotlarni elektron platformaga kiritadi;

v) Fanlar akademiyasi uch kun muddatda:

elektron platformaga kiritilgan ma’lumotlar asosida suv omborlari to‘g‘onlarining dinamik xossalarini o‘rganib, ularning kuchlanganlik-deformatsiyalanganlik holatini baholaydi;

seysmologik va seysmometrik kuzatuvlar haqida berilgan ma’lumotlarda seysmik rejimning o‘zgarishlarini hisobga olgan holda suv omborlari to‘g‘onlarining dinamik holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda tegishli choralar ko‘rish uchun xulosalar tayyorlaydi va elektron platformaga kiritadi;

g) elektron platformaga kiritilgan xulosalarda favqulodda vaziyatlarning kelib chiqish holatlari ko‘rsatilganda, suv omborlariga mas’ul bo‘lgan tashkilotlar Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Fanlar akademiyasi va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda zudlik bilan tegishli chora-tadbirlar va harakatlar dasturini ishlab chiqib, amalga oshiradi.

5. 2023-yil 1-avgustdan boshlab:

suv omborlarida faoliyat yurituvchi mas’ul xodimlarning seysmologik va seysmometrik kuzatuvlarni amalga oshirish va birlamchi tahlil qilish bo‘yicha har ikki yilda malakasini oshirish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin;

Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Fanlar akademiyasi malaka oshirish kurslarini tashkil etish va o‘tkazish uchun mas’ul etib belgilansin.

Respublika hududidagi suv omborlari va to‘g‘onlarga mas’ul davlat organlari hamda tashkilotlar rahbarlariga seysmologik va seysmometrik kuzatuvlarni amalga oshiradigan xodimlarining Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Fanlar akademiyasi reja-grafigiga asosan malaka oshirish kurslarida ishtirok etishini qat’iy ta’minlash uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.

6. Quyidagilar:

Seysmik xavfsizlikni ta’minlash va qurilishda nazoratni kuchaytirishga oid chora-tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda — Chora-tadbirlar dasturi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin;

O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash tadbirlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi (keyingi o‘rinlarda — Respublika kengashi) 2-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.

Quyidagilar Respublika kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin:

Chora-tadbirlar dasturining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash doirasida mas’ul ijrochilar faoliyatini doimiy muvofiqlashtirib borish;

hududlardagi barcha, shu jumladan yangi qurilgan ikki va undan yuqori qavatli bino va inshootlar konstruksiyalarining zilzilabardoshligi yuzasidan zamonaviy maxsus asbob-uskunalar yordamida instrumental-texnik tekshiruvlar (mikrodinamik sinovlar) o‘tkazilishini tashkil etish;

hududlarning seysmik xavfsizligini ta’minlash ishlarini tashkil etish doirasida, shu jumladan loyiha tashkilotlarini jalb qilgan holda bino va inshootlarni seysmik himoyalash uslublari, yangi konstruktiv yechimlari ishlab chiqilishini tashkil etish;

seysmik faol zonalarda turli darajadagi seysmik xatarni baholash va zilzila talafotlarini kamaytirish bo‘yicha ilmiy asoslangan chora-tadbirlar ishlab chiqilishini muvofiqlashtirish;

shahar hududlarining bosh reja loyihasini seysmik mikrohududlashtirish xaritalariga asoslangan holda ishlab chiqish amaliyotini joriy etish ishlarini tashkil etish;

suv omborlari to‘g‘onlari va gidrotexnika inshootlarining zilzilabardoshligini o‘rganish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish ishlarini tashkil etish;

seysmik xavfni, ta’sirni va xatarni baholash bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarni xorijiy tajriba asosida ishlab chiqish choralarini ko‘rish;

ehtimoli yuqori bo‘lgan zilzilalarning zararini va oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha mahalliy sharoitlardan kelib chiqib, tadbirlar majmui va dasturlari ishlab chiqilishini muvofiqlashtirish;

aholini zilziladan oldin, zilzila paytida va zilziladan so‘ng harakat qilish qoidalariga o‘rgatish va ularning tayyorgarligini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilishini tashkil etish;

qurilish obyektlarida foydalanish uchun respublikada ishlab chiqarilayotgan mahalliy va xorijdan import asosida keltirilayotgan qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalarining sifati nazorat qilinishini muvofiqlashtirish;

qurilish va seysmik xavfsizlikni ta’minlash hamda shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda ishtirok etuvchi mutaxassislar malakasini oshirish, ularni qayta tayyorlash va sertifikatlashtirish jarayonlarini takomillashtirish ishlarini tashkil etish.

7. Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida Seysmik xavfsizlikni ta’minlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘limi (keyingi o‘rinlarda — Muvofiqlashtirish bo‘limi) tashkil etilsin.

Quyidagilar Muvofiqlashtirish bo‘limining asosiy vazifalari etib belgilansin:

seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi mas’ul organlar va tashkilotlar faoliyatini doimiy muvofiqlashtirib borish;

seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasida ilm-fanni rivojlantirish, zamonaviy axborot, shu jumladan innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish;

seysmik xavfni prognozlash jarayonini raqamlashtirish bo‘yicha ishlarni tashkil etish;

respublikada seysmik xavf darajasini kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni doimiy ravishda monitoring qilib borish;

aholining seysmik xavfsizligini ta’minlash yuzasidan davlat dasturlari va normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilishini tashkil etish;

tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda foydalanishda bo‘lgan bino va inshootlarning seysmik mustahkamligini ta’minlash yuzasidan choralar ko‘rish;

respublika hududlarining seysmik holati monitoringi va tahlili natijalari asosida hududlarning seysmik xavfsizligini oshirish hamda bino va inshootlarning zilzilabardoshligini ta’minlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

qurilayotgan bino va inshootlar bo‘yicha o‘tkaziladigan nazorat tadbirlarini monitoring qilib borish va ularni amalga oshirish jarayonlarining ochiqligi va sifatliligini ta’minlash bo‘yicha doimiy ravishda takliflarni ishlab chiqish;

qurilayotgan hamda mavjud binolar va inshootlarning zilzilabardoshligini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini o‘rganish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rish;

binolar va inshootlarni seysmik jihatdan zaifligi bo‘yicha tasniflash, shuningdek, binolar va inshootlarni zamonaviy maxsus asbob-uskunalar va dasturiy ta’minotlar yordamida instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkazish (mikrodinamik sinovlar) hamda ularning zilzilabardoshligini oshirish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish;

seysmik faol zonalarda qurilayotgan bino va inshootlarni vibrodinamik, shuningdek, zamonaviy raqamlashtirilgan instrumental asbob-uskunalar yordamida sinov va tekshiruvlardan o‘tkazish ishlarini tashkil etish;

respublikada aholini zilzila vaqtida harakatlanishga tayyorlash bo‘yicha kompleks tadbirlarni muvofiqlashtirish.

Belgilansinki:

Muvofiqlashtirish bo‘limi Favqulodda vaziyatlar vazirligining 5 ta boshqaruv shtat birliklarini qisqartirish hisobidan shakllantiriladi;

Muvofiqlashtirish bo‘limi Respublika kengashining ishchi organi hisoblanadi.

8. Respublika kengashi (A. Aripov):

a) bir hafta muddatda:

tashkiliy yig‘ilishni o‘tkazib, Chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalar sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash masalalarini vazirlik va idoralar bilan muhokama qilsin;

o‘ziga yuklatilgan vazifalar ijrosini tashkil etish maqsadida muddatlar hamda vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari kesimidagi reja-grafikni tasdiqlasin va unda belgilangan vazifalar amalga oshirilishini doimiy nazorat qilib borsin;

qurilish va seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni so‘nggi ikki yilda o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish natijalarini tanqidiy ko‘rib chiqib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rsin;

Muvofiqlashtirish bo‘limini malakali kadrlar bilan to‘ldirish choralarini ko‘rsin;

Respublika kengashi a’zolari, sohaga mas’ul vazirlik va idoralar mutaxassislarini seysmik xavfsizlikni ta’minlash va qurilish nazorati sohasi bo‘yicha rivojlangan xorijiy davlatlarga qisqa muddatli xizmat safariga yuborishni tashkil etsin.

Belgilansinki, Respublika kengashi a’zolari, mutaxassislarni xorijga yuborish bilan bog‘liq xarajatlar (transport, mehmonxona, kunlik va boshqalar) Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplanadi;

b) har chorakda belgilangan vazifalar ijrosini tanqidiy muhokama qilib borsin, ijroda aniqlangan kamchiliklarni vazirlik va idoralar tomonidan bartaraf etish choralari ko‘rilishini ta’minlasin.

9. 2024-yil 1-yanvardan boshlab seysmik faol zonalarda joylashgan shaharlarning bosh rejalari loyihalarini tegishli hududlarning seysmik mikrohududlashtirish xaritalariga asoslangan holda ishlab chiqish amaliyoti joriy qilinsin.

Belgilansinki:

seysmik faol zonalarda joylashgan shaharlarning bosh rejalari Respublika kengashida seysmik mikrohududlashtirish xaritalariga muvofiq har tomonlama asoslanganligi muhokamadan o‘tkazilib, kelishilgandan so‘ng tasdiqlanadi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi seysmik faol zonalarda joylashgan shaharlarning bosh rejalari seysmik mikrohududlashtirish xaritalariga asoslanishini va muvofiqligini ta’minlash uchun mas’ul davlat boshqaruvi organi hisoblanadi;

hududlarning seysmik mikrohududlashtirish xaritalari (shaharlar bosh rejalarini ishlab chiqish dasturlariga muvofiq va bosh rejalarni ishlab chiqish muddatlaridan oldin) Fanlar akademiyasi tomonidan ishlab chiqiladi.

10. Fanlar akademiyasi 2023-yil 1-oktabrga qadar Andijon, Namangan, Farg‘ona, Buxoro, Jizzax, Shahrisabz va Zarafshon shaharlarining seysmik mikrohududlashtirish xaritalari ishlab chiqilishini yakuniga yetkazsin hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga taqdim etsin.

Belgilansinki: 

seysmik mikrohududlashtirish xaritalarini ishlab chiqish uchun zarur bo‘lgan arxiv yoki mavjud ma’lumotlar davlat organlari, muassasalari va tashkilotlar tomonidan Fanlar akademiyasining so‘rovlariga muvofiq qisqa muddatlarda beg‘araz taqdim etiladi;

Fanlar akademiyasi tomonidan belgilangan tartibda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan barcha turdagi seysmik hududlashtirish va mikrohududlashtirish xaritalari bo‘yicha ommaviy axborot vositalari uchun press-tur va brifinglar tashkil etilib, tushuntirishlar berib boriladi.

11. Respublika hududlarida, shu jumladan suv omborlari va yirik tog‘-kon sanoati komplekslarida mavjud faol tektonik yer yoriqlarining ko‘rsatkichlarini o‘rganish, ularning elektron xaritalari va pasportini ishlab chiqish va ular asosida seysmik xavfni baholash amaliyoti joriy etilsin.

Bunda, faol tektonik yer yoriqlarining elektron xaritalari zilzilalar manbalarini aniqlash hamda kuchli zilzilalarga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida hududlarda seysmoprognostik stansiyalarni joylashtirish va kuchli zilzilalar yuz berishi ehtimolini prognoz qilish uchun asos hisoblanadi.

Fanlar akademiyasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan birgalikda:

2023-yil 1-iyundan boshlab aniq reja-grafik asosida mas’ul tashkilotlarni jalb etgan holda respublika hududlarida mavjud faol tektonik yer yoriqlarining ko‘rsatkichlarini o‘rganish ishlarini tashkil etsin;

o‘rganishlar yakunlari bo‘yicha ma’lumotlar bazasini shakllantirib, faol tektonik yer yoriqlarining elektron xaritalari va pasportlarini yaratsin;

faol tektonik yer yoriqlari bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflarni tegishlicha Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, suv omborlariga mas’ul bo‘lgan tashkilotlar va mahalliy davlat hokimiyati organlariga doimiy ravishda taqdim etib borsin.

Belgilansinki, faol tektonik yer yoriqlarining ko‘rsatkichlari bo‘yicha taqdim etilgan takliflar ikki hafta muddatda mas’ul tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqiladi hamda ularning ta’siri, yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan oqibatlarini yumshatish bo‘yicha choralar ko‘riladi va bu bo‘yicha Respublika kengashiga axborot kiritib boriladi.

12. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2023-yil 1-avgustga qadar tuman (shahar)larda kuchli va talafotli zilzila oqibatida aholi hayotini saqlab qolish uchun zarur bo‘lgan maxsus infratuzilmalarni (keyingi o‘rinlarda — infratuzilmalar) yaratish bo‘yicha aniq choralarni belgilasin va kelishish uchun Respublika kengashiga kiritsin.

Bunda, har bir tuman (shahar) kesimida:

aholini evakuatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan ochiq va xavfsiz hududlar belgilansin;

evakuatsiya qilingan aholini joylashtirish uchun zarur bo‘lgan chodir (palatka) va boshqa muqobil konstruksiyalar (sendvich qurilmalar, konteynerlar) soniga bo‘lgan ehtimoliy talab aniqlansin va Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasiga taqdim etilsin;

belgilangan hududlarga aholini xavfsiz evakuatsiya qilishni tezkor tashkil etish, evakuatsiya qilingan aholi hayoti uchun zarur bo‘lgan vositalarni yetkazish maqsadida avtomobil yo‘llarini barpo etish, zarur hollarda mavjudlarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilsin;

kuchli zilzila natijasida jabrlangan fuqarolarga tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar, sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi vositalarga bo‘lgan ehtimoliy ehtiyoj aniqlansin va Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasiga taqdim etilsin;

evakuatsiya qilingan fuqarolar uchun oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazishni tashkil etish tartibi hamda elektr energiyasi va ichimlik suv bilan ta’minlash rejasi ishlab chiqilsin.

Belgilansinki, infratuzilmalarni yaratish bo‘yicha tadbirlar Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Respublika kengashi infratuzilmalarni yaratish bo‘yicha tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsin va bu bo‘yicha har chorakda mas’ullar hisobotini tanqidiy ko‘rib borsin.

13. 2023-yil 1-iyundan boshlab “Aholini zilzilaga tayyorlash haftaligi” doirasida har yili reja-grafik asosida respublikaning barcha hududlaridagi mahallalarda aholi ishtirokida zilzila bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarda aholi xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qo‘mondonlik-shtab, maxsus-taktik va obyekt o‘quv mashqlari o‘tkazib borilsin.

Bunda:

mahallalar aholisi ishtirokida qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari, shuningdek, fuqaro muhofazasi tuzilmalarining zilzila bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga tayyorgarligini oshirib borishga;

ta’lim tashkilotlarining o‘quvchi va talabalarini zilzila oqibatlaridan o‘zini o‘zi muhofaza qilish, jabrlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatish usullariga o‘rgatishga;

ko‘p qavatli uylarda yashovchi fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan binolarning tayanch ustunlarini buzish va boshqa konstruksiyalarga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish kiritish holatlarining oldini olish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib borishga alohida e’tibor qaratilsin.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi (A. Kuldashev):

ikki hafta muddatda joriy yilda mahallalarda “Aholini zilzilaga tayyorlash haftaligi”ni o‘tkazish dasturini tasdiqlasin;

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A. Xodjayev) hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Xadjayev) bilan birgalikda “Aholini zilzilaga tayyorlash haftaligi”ni ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish choralarini ko‘rsin.

14. 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim bosqichlarining amaldagi ta’lim dasturlariga Zilzila vaqtida to‘g‘ri harakatlanish qoidalarini kiritgan holda, ularning o‘qitilishini tashkil etsin.

Belgilansinki, ta’lim tashkilotlarida Zilzila vaqtida to‘g‘ri harakatlanish qoidalarini o‘rgatishga mo‘ljallangan darsdan tashqari mashg‘ulotlar Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy bo‘linmalari bilan birgalikda olib boriladi.

15. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan hamkorlikda zilzila vaqtida to‘g‘ri harakatlanish yuzasidan televizion ko‘rsatuvlar, lavhalar, eshittirishlar hamda maqolalar tayyorlanishi hamda keng jamoatchilikka tizimli ravishda yetkazilishini ta’minlasin.

16. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, qonunchilikka muvofiq bino va inshootlar qurilishi bo‘yicha tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlarida ko‘rsatilgan parametrlarga, ushbu toifalardagi foydalanishdagi bino va inshootning zilzilabardoshligiga ta’sir qiluvchi konstruksiyalarga, shu jumladan birinchi qavat va yerto‘lalarga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish kiritish qat’iy taqiqlanadi.

Bosh prokuratura Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, belgilangan taqiqlarni (cheklovlarni) buzgan holda binolarni, inshootlarni yoki boshqa obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish holatlari uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni keskin kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda kiritsin.

17. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tuman (shahar) hokimliklari va boshqa tegishli tashkilotlar bilan birgalikda 2023-yil 1-sentabrdan boshlab:

a) reja-grafik asosida:

respublikaning seysmik faol zonasida joylashgan seysmik xavfsizligi III-IV toifaga kiruvchi ko‘p kvartirali uylardagi umumiy foydalaniladigan joylarda (zinapoya yo‘laklari, cherdak va umumiy foydalanishdagi oshxonalarda) o‘zboshimchalik bilan qurilgan konstruksiyalarni;

ko‘p kvartirali uylarning, shu jumladan ularning yerto‘la va birinchi qavatidagi zilzilabardoshlikka ta’sir qiluvchi konstruksiyalarga o‘zboshimchalik bilan kiritilgan o‘zgartirishlarni aniqlasin;

b) aniqlangan noqonuniy konstruksiyalar va zilzilabardoshlikka ta’sir qiluvchi konstruksiyalarga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish kiritish holatlari bo‘yicha qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rilishini ta’minlasin.

18. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki: 

shaharsozlik hujjatlari ekspertizadan o‘tkazilishi talab etiladigan (yangi quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan) obyektlar qurilish maydonining muhandislik-geologik tadqiqotlari va ularning ekspertizasi natijalari bo‘yicha hisobotlar olish majburiy hisoblanadi;

rekonstruksiya qilinadigan obyektlar bo‘yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazishda ularning konstruksiyalari texnik holati bo‘yicha instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkazish xulosalari taqdim etiladi.

19. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

bino va inshootlarning konstruksiyalari texnik holati bo‘yicha instrumental-texnik tekshiruv xulosalari hamda muhandislik-geologik tadqiqotlar o‘tkazilganligini tasdiqlovchi hujjatlarga tadqiqotlarni o‘tkazishning barcha jarayonlari videotasviri (ishlarni bajarish sanasi va vaqti ko‘rsatilgan holda) va laboratoriya natijalari ilova qilinadi, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimiga kiritib boriladi va ularning reyestri yuritiladi;

instrumental-texnik tekshiruv va muhandislik-geologik tadqiqotlarni o‘tkazadigan tashkilotlar o‘tkazilgan har bir tadqiqot va ular bo‘yicha berilgan har bir xulosaning sifati va haqqoniyligi uchun javobgar hisoblanadi;

instrumental-texnik tekshiruv va muhandislik-geologik tadqiqotlar natijalari bo‘yicha hisobotlar “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida shakllantirilgan Instrumental-texnik tekshiruv xulosalarining yagona reyestri va Muhandislik-geologik tadqiqotlar natijalari bo‘yicha hisobotlarning yagona reyestriga kiritilgan taqdirda haqiqiy deb tan olinadi.

20. Belgilansinki:

a) seysmik xavfsizligi II — IV toifadagi qurilayotgan yoki mavjud obyektlarning konstruksiyasini o‘zgartirish (qavatlar sonini o‘zgartirish, yonma-yon qurish, ustiga qavat qurish) bo‘yicha qurilish ishlarini boshlashga faqat loyihaning o‘zgartirilgan shaharsozlik hujjatlari qayta ekspertizadan o‘tkazilib, ijobiy xulosa olingandan so‘ng ruxsat etiladi;

b) 2023-yil 1-iyundan boshlab:

seysmik xavfsizligi IV toifadagi bino va inshootlar bo‘yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish Loyiha-qidiruv tashkilotlari elektron reytingida “S” va undan yuqori toifaga ega bo‘lgan loyiha-qidiruv tashkilotlari va yetakchi loyiha-qidiruv tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi;

xavf-xatar toifasi bo‘yicha murakkabligi IV toifaga mansub bo‘lgan bino va inshootlar bo‘yicha qurilish ishlari Qurilish-pudrat tashkilotlari elektron reytingida (pudrat tashkilotini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilayotgan tender sanasi holatiga yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri pudrat shartnomasini tuzish sanasi holatiga) “SS” va undan yuqori toifaga (shu jumladan “A” va “B” turdagi barcha toifalarga) ega bo‘lgan qurilish-pudrat tashkilotlari tomonidan bajariladi.

Bunda:

mazkur qoida bugungi kunga qadar shaharsozlik hujjatlari ekspertizadan o‘tkazilib, ijobiy xulosa olingan holda qurilish-montaj ishlari boshlangan obyektlarga tatbiq etilmaydi;

davlat obyektlari loyihalari doirasida pudratchilarni aniqlash bo‘yicha tenderda mahalliy qurilish-pudrat tashkilotlari bilan birgalikda xorijiy pudratchilarning qonunchilikda belgilangan tartibda qatnashishiga ruxsat etiladi;

v) 2023-yil 1-oktabrdan boshlab seysmik xavfsizligi II — IV toifadagi bino va inshootlar bo‘yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish, qurilish-montaj ishlarini bajarish va nazorat funksiyalarini amalga oshirish yo‘nalishlaridagi faoliyat yurituvchi mutaxassislarni sertifikatlash tartibi joriy etiladi.

Bunda, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mutaxassislarni sertifikatlashtirish ishlarini tashkil etish doirasida o‘quv kurslari sifatli o‘tkazilishini ta’minlash, ta’lim tashkilotlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish va buning uchun milliy trenerlar korpusini shakllantirishga mas’ul davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

g) elektron reyting bahosi (obyektni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tkazish sanasi holatiga) “DDD” bo‘lgan tashkilotlarga — besh qavatdan yuqori bo‘lmagan bino va inshootlarni, “S” bo‘lgan tashkilotlarga — to‘qqiz qavatdan yuqori bo‘lmagan bino va inshootlarni qurishga ruxsat etiladi.

21. Qurilish sohasida nazoratni yanada kuchaytirish maqsadida:

a) quyidagilar:

2024-yil 1-yanvardan boshlab obyektlarda davlat nazorati, buyurtmachining texnik nazorati, ishlab chiquvchining mualliflik nazorati va pudratchining ichki nazorati tadbirlarini tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha maxsus bilimga va sertifikatga ega mutaxassislar tomonidan amalga oshirish amaliyoti joriy qilinsin;

2023-yil 1-sentabrga qadar loyiha tashkiloti tomonidan buyurtmachiga qurilish-montaj ishlari davomida loyihaga muvofiq beriladigan har bir majburiy ko‘rsatmani to‘liq bajarmaganlik uchun javobgarlikni va vakolatli organni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilsin va belgilangan tartibda kiritilsin;

b) qurilish obyektlari ustidan davlat nazorati, buyurtmachining texnik nazorati, ishlab chiquvchining mualliflik nazorati va pudratchining ichki nazorati tadbirlari, ularda aniqlangan kamchiliklar va nuqsonlar (chek-list shaklida) hamda ularni bartaraf etish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimiga kiritib borish majburiy etib belgilansin va ma’lumotlar jamoatchilik uchun ochiq bo‘lishi ta’minlansin.

22. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

ikki hafta muddatda hududlarda elektron-texnik pasportlar asosida instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkazish zarur deb topilgan binolarni instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkazish bo‘yicha reja-grafikni Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda tasdiqlasin va instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkazilishini ta’minlasin;

instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkazish yuzasidan har oyda Respublika kengashiga ma’lumot kiritib borsin.

Belgilansinki:

instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkazishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan har bir tuman (shahar) kesimida chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi va Respublika kengashi tomonidan tasdiqlanadi;

instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkazish bilan bog‘liq barcha xarajatlar mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

23. Vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarini shakllantirishda, birinchi navbatda, zilzilabardoshligi zaif bo‘lgan ijtimoiy soha obyektlariga e’tibor qaratsin.

24. Quyidagilar:

Toshkent arxitektura-qurilish universitetida zilzila ta’sirida gruntlarning mustahkamligi va deformatsiyalanishini, fizik-mexanik xossalarini, murakkab grunt sharoitlarida bino va inshootlarni loyihalash hamda poydevorlar qurilishini tadqiq etishga mo‘ljallangan “Gruntlar mexanikasi, zamin va poydevorlar” o‘quv-ilmiy laboratoriyasi;

Farg‘ona politexnika institutida bino va inshootlarning zilzilabardoshlik bo‘yicha texnik holatini baholash, foydalanishdagi binolar qavatining sonini oshirishda seysmik yuklarni hisobga olish hamda qurilish konstruksiyalarining zilzilabardoshligini tekshirishga mo‘ljallangan “Bino va inshootlar konstruksiyalari zilzilabardoshligini baholash” o‘quv-ilmiy laboratoriyasi tashkil etilsin.

Belgilansinki, o‘quv-ilmiy laboratoriyalarning shtat birliklari Toshkent arxitektura-qurilish universiteti va Farg‘ona politexnika institutining professor-o‘qituvchilari sonini maqbullashtirish hisobidan jamlanadi.

Vazirlar Mahkamasi Toshkent arxitektura-qurilish universiteti va Farg‘ona politexnika institutining asoslangan takliflariga muvofiq o‘quv-ilmiy laboratoriyalarni zarur jihozlar bilan bosqichma-bosqich Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan ta’minlash choralarini ko‘rsin.

25. Fanlar akademiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

26. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib favqulodda vaziyatlar vaziri A.X. Kuldashev hamda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri B.I. Zakirov belgilansin.

Qaror ijrosi uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlarning natijadorligi to‘g‘risida har chorak yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 16-may,

PQ-158-son

Batavsil ma`lumot uchun havola ustiga bosing​​​
Ctrl
Enter
Xatoligni aqniqladingizmi?
Matnni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing.




ru en uz